n > 0
Odam o‘ziga-o‘zi yasab oladigan eng katta tuzoq bu, mukammallikni kutish.
Boshlashdan oldin miyada yuz xil ssenariy aylanadi. O‘xshamasachi? Eplay olmasam, shuncha harakatim bekorga ketib, hamma narsa nolga aylanib qolsachi? Va ko‘pincha aynan shu qo‘rquv tufayli, nimanidir boshlash o‘rniga xavfsiz joyimizda jim turishni tanlaymiz.
Lekin biz asosiy tushunchani chalkashtiramiz. Muvaffaqiyatsizlik bu nol emas. Hech narsa qilmaslik — mana shu haqiqiy nol.
Biz xato qilishni yoki o‘ylagan darajamizda qila olmaslikni fojia deb qabul qilamiz. Aslida esa, sinab ko‘rib yiqilish bu qandaydir ko‘rsatkich. Kuniga rejadagi 50 betni emas, bor-yo‘g‘i 5 bet kitobni o‘qish ham noldan katta. O‘xshamagan loyiha yoki chala qolgan ish ham nol emas — u ma'lumot va tajriba. Ular hech bo‘lmaganda "bu yo‘l ishlamas ekan" degan ochiq faktni beradi.
Ichimizdagi maraz perfeksionizm doim bitta qattiq shart qo‘yadi: "Yo to‘liq zo‘r qil, yoki umuman teginma". Shu algoritmga ishonib, biz miyamizdagi zo‘r g‘oyalar bilan yillab joyimizda depsinaveramiz. Aslida esa mukammal reja bilan harakatsiz o‘tirgandan ko‘ra, eng qo‘pol xatolar bilan bo‘lsa ham jarayonga kirishish ancha qadrliroq.
Matematika va hayotning qoidasi juda oddiy. Istalgan raqam noldan katta. O‘xshasa — natija olasiz, o‘xshamasa — xulosa. Har ikkala holatda ham bu nimanidir sinab ko‘rish degani. Va bu har doim umuman boshlamaslikdan yaxshiroq.