← All writing

Hamma ketdi. Keyin-chi?

Yil boshida chet elda o‘qish haqida yozgan postim kanaldagi eng ko'p o'qilgan postlardan biriga aylangan. U paytda "havodagi kayfiyat" ham, yondashuv ham bitta edi: "Qanday qilib bo‘lsa ham ketish kerak."

Lekin bugun savollar ham, munosabat ham o‘zgargan. Endi shunchaki ko‘r-ko‘rona ketishni emas, "Qaytgach nima qilaman?" va "Shu yerning o‘zida qanday imkoniyat bor?" deb o‘ylashni boshlashdi. "Romantik illyuziyalar" o‘rnini sovuqqon va real hisob-kitob egallayapti.

Raqamlar ham shunga ishora qilyapti. 2026-yilning yanvar-fevral oylarida xorijga o‘qish uchun ketganlar 3 964 kishini tashkil qildi. Bu o‘tgan yilgidan 23,6 foizga kam. Eng ko‘p ketilgan davlatlar hamon Rossiya (989) va Koreya (679). Albatta, buning sababi faqat bitta emas. Lekin manimcha, shunchaki samolyotga o‘tirib ketish bilangina hayotiy muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmasligini ko‘pchilik his qila boshladi.

O‘sha postdan keyin fikrim o‘zgardimi? Yo‘q. Nima bo'lsa ham bir narsa aniq: bozor sening qaysi davlatda o‘tirganingga yoki qaysi davlatdan kelganingga emas, real muammoni qanday hal qila olishingga pul to‘laydi. Chet elda nomiga o‘qib yurishdan ko‘ra, shu yerda poydevor qurish ming marta foydaliroq manimcha.

Chet el - qochish uchun emas, aniq bitta skillni o‘rganib kelish uchun zo‘r instrument. Agar maqsading faqat "shu yerdan ketish" bo‘lsa, qaytib kelganingda seni o‘sha joyida qolib ketgan muammolaring kutib turgan bo‘ladi.

Qayerda o‘qishing emas, nima uchun o‘qishing muhim.