← All writing

Miya aldanadi.

Kecha kechqurun o'tirib dars qilmoqchi edim. Dars qilishim uchun hamma narsani oldim. Telefonni ataylab uzoqroqqa qo'ydim. Boshladim. Lekin o'n daqiqa o'tmay, qo'lim o'z-o'zidan telefonga cho'zildi. Ixtiyorsiz ravishda. Go'yoki miya emas, tananing o'zi mustaqil qaror qabul qilgandek.

Ichimdan bir g'alati his o'tdi. Nega yana shunday bo'ldi?

Aslida, miya biz o'ylaganchalik murakkab emas, u ancha sodda ishlaydi. U kelajakdagi orzular, "foydali" yoki "zararli" degan balandparvoz tushunchalarni bilmaydi. U faqat bitta narsani tushunadi: Qaysi ish tezroq va ko'proq dofamin beradi?

Instagram, YouTube — bu arzon va tezkor dofamin. Dars qilish esa — og'ir mehnat. Uning mevasi qachondir, kelajakda bo'ladi. Miya esa "kechiktirilgan mukofot"ni yomon ko'radi.

Demak, muammo irodaning pastligida yoki dangasaligda emas ekan. Muammo — miyamdagi qiyoslashda. U har safar darsni ijtimoiy tarmoqlar bilan taqqoslaydi. Va har safar dars yutqazadi. Chunki bu teng kuchli raqobat emas.

Lekin shu jarayonda bir qiziq narsani tushunib qoldim.

Miya mukofotning o'zini emas, balki "mukofotni kutish" jarayonini yaxshi ko'radi. "Hozir qandaydir zo'r narsa bo'ladi" degan umid. Aslida dofamin degani aynan shu — harakatga undovchi kutish hissi.

Shunda o'zimga savolni boshqacha berib ko'rdim: "Qanday qilib majburlab dars qilish kerak?" emas, "Darsdan oldin miyani qanday qilib tayyorlash kerak?"

Bir nechta psixologik maqolalarni titkilab, "Miyani och qoldirish" kerak degan qarorga keldim.

Darsdan yarim soat oldin hammasini yig'ishtirdim. Telefon, musiqa hammasi to'xtatildi. Shunchaki xonada jim o'tirdim.

Avvaliga o'ta noqulay bo'ldi. Miya shiddat bilan bezovtalana boshladi. "Nimadir qilishing kerrak" degan signallar tinmadi. Chunki bu bezovtalik — miyaning ochlik hissi edi. Dofaminga bo'lgan ochlik.

Yarim soatdan keyin darsni boshladim.

Va shu ochlik bilan boshlangan dars butunlay boshqacha bo'ldi.

Miya o'ziga yopishib olish uchun arzon dofamin topolmagach, bor diqqatini hozirgi vazifaga — darsga qaratdi. Chunki ayni shu daqiqada miya uchun eng qiziq voqea shu edi. Zerikarli tuyulgan matnlar ma'noli bo'la boshlaydi.

Biz o'zimizni o'zgartirishimiz qiyin. Lekin biz sharoitni o'zgartirish orqali miyani "aldashimiz" mumkin. To'q miyaga ilm yedirib bo'lmaydi. Uni avval chalg'ituvchi narsalardan och qoldirish kerak.

Biz o‘zimizni majburlab uzoqqa bora olmaymiz. Muammo darsning o‘zida emas, miyamizni arzon rohatlarga to‘ydirib qo‘yganimizda.

Dofamin — bu kuch. Uni ijtimoiy tarmoqlarga sarflab yuborish ham mumkin, o‘sish uchun ishlatish ham. Tanlov qiyin emas. Shunchaki qadamni to‘g‘ri qo‘yish kerak.

Faqat och qolgandagina, oddiy suv ham eng maza ichimlikka aylanadi.