Meva.
Qachonlardir meva nazariyasi haqida eshitganmisiz? Hozir qo‘lingizda ushlab turgan, balki aynan shu daqiqada yeyayotgan mevangiz - aslida yerga urug‘ bo‘lib qadalgan kundan boshlab sizniki bo‘lgan.
Shunchaki tasavvur qilib ko‘ring: uni qaysidir uzoq bog‘da bir odam ekkan, ikkinchisi vaqtida sug‘organ. U meva oylab quyosh issig'ida pishgan, sovuq, yomg‘irlar tagida qolgan. Keyin kimdir uni uzib olib, qutilarga joylagan. U qancha va qancha qo‘llar, shaharlar va chegaralarni kesib o‘tib, oxiri kelib sizning qo'lingizga tushgan. Minglab rastalar, millionlab xaridorlar, cheksiz ehtimollar orasidan aylanib o‘tib, aynan sizning qo‘lingizga yetib kelgan.
Bu butun bir uzluksiz zanjir. O‘sha meva yetilganidan to siz uni tishlagan daqiqagacha bo‘lgan oraliqda bitta kichkina tasodif o‘zgarganda ham, u sizga emas, boshqasiga nasib qilgan bo‘lardi. Lekin unday bo‘lmadi.
Endi bitta o‘ylab ko‘ring: agar shunchalik kichkina, oddiygina bir meva sizga yetib kelishi uchun shuncha uzoq yo‘llarni bosib o‘ta olsa... qanday qilib rostdan ham sizniki bo‘lgan, sizga nasib etilgani sizniki bo‘lmay qolishi mumkin?
Biz ko‘pincha nimanidir yo‘qotishdan, imkoniyatdan quruq qolishdan yoki kimdir bizdan o‘zib ketishidan qo‘rqib, ortiqcha vahima bilan yashaymiz. O‘zimizga atalmagan eshiklarni buzib kirishga, bizniki bo'lmagan narsalarni, insonlarni ushlab qolishga urinamiz. Lekin aslida rizq - eng aniq matematika. Agar biror narsa sizga yozilgan bo‘lsa, u "koinotning narigi chekkasida" bo‘lsa ham sizni topadi. Agar sizniki bo‘lmasa, uni ikki qo‘lingiz bilan mahkam qisib tursangiz ham baribir barmoqlaringiz orasidan chiqib ketadi.
Bu narsa xoh qandaydir narsa bo'lsin, xoh uzoq kutilgan moliyaviy barqarorlik, xoh hayotingizdagi inson bo‘lsin - hammasi faqat siz uchun harakatlanadigan o‘z yo‘nalishiga ega.
Shunday ekan, o‘zingizniki bo‘lmagan narsalarni zo‘rlik bilan ushlab qolishni bas qiling. Hayotdagi asosiy vazifangiz nimalarnidir quvib yetish yoki qidirish emas - "koinotning narigi chekkasidan" siz tomon kelayotgan o‘sha "ulush" manzilingizga yetganida, uni taniy oladigan, ko‘tara oladigan va qadriga yetadigan darajada butun shaxsga aylanib ulgurishdir.
Sizniki bo‘lsa, kechikishi mumkin. Lekin adashmaydi...