Nolimaylik.
Bir vaqtlar hozirgi holatimiz biz uchun orzu edi. Shu darajaga chiqishning o‘zi katta gapdek tuyulardi. Hozir esa shu joyda turib, yana nimadir yetishmayotgandek gapiramiz.
Muammo shundaki, odam erishgan narsasini tez qadrsizlantiradi. Kechagi orzu bugun oddiy standartga aylanadi. Keyin esa yana yuqoriroq nuqtani ko‘zlaydi va mavjud holatini kam deb hisoblaydi.
Aslida bugungi natija - kechagi harakatning oqibati. Demak, harakatimiz "meva" bergan, tizim ishlagan. Lekin biz jarayonni emas, faqat navbatdagi bosqichni ko‘ramiz.
Shikoyat qilish, “hali yetarli emas” deyish oson. Lekin savol boshqa joyda: oldingi maqsadlarimizga qanday erishgan edik? Xohish bilanmi, yoki aniq harakat, sabab bilan?
Kuchli sabab bo‘lmasa, intilish ham yuzaki bo‘ladi. 10/10 sabab degani - bahona qolmaydigan darajadagi ichki majburiyat. Shunda vaqt ham, sharoit ham, charchoq ham to‘siq bo‘la olmaydi.
Kelajakdagi natijalar tasodifan kelmaydi. Ular bugungi qarorlarning mantiqiy davomidir.
Shuning uchun nolishdan ko‘ra hisob-kitob qilish to‘g‘riroq. Hozir qayerdamiz? Qayerga ketayapmiz? Va bu safar sababimiz qanchalik jiddiy?
Chunki bir paytlar bugungi kunni orzu qilganmiz. Endi esa navbatdagi natija bizni emas, biz uni qanchalik xohlayotganimizni tekshiradi.