← All writing

Birga.

Bon!’daman. Ikki yonimda ham mendek, yoki mendan biroz katta-kichik yoshlar o‘tiribdi. Har birida bir qiz, bir o‘g‘il. Oldilarida daftar, noutbuk, birida ochiq kitoblar. Mandan oldin kelishgan. Dars qilishyapti.

Kimdir jim tushuntiryapti, kimdir eshitib bosh qimirlatyabdi. Ba’zida kulib qo‘yishadi, ba’zida jiddiy bo‘lib ketishadi. Bu yerda majburlik yo‘q - hech kim “kel, o‘qi” demagan. O‘zlari xohlagan, o‘zlari tanlagan holat bu.

Men esa ba’zida darsga sho‘ng‘ib ketaman-u, orada nimadir uzilib qoladi. Xohish pasayadi, motivatsiya so‘nadi. O‘tiraman, qarayman, lekin qimirlamayman. Shu paytda tushundim. Muammo bilimda emas, holatda ekan.

Lekin bu faqat dars bilan bog‘liq emas. Umuman hayotda ham shunday. Ba’zan boshlab qo‘yasan, keyin to‘xtab qolgandek bo‘lasan. Zerikish keladi, ichingda harakat yo‘qoladi. Ana shunaqa paytlarda yoningda, birga kimdir bo‘lsa, balki to‘xtamasding.

Shunaqa odam motivatsiya bermaydi, gap ham qilmaydi. Shunchaki yoningda bo‘ladi. Va o‘sha borligi bilan seni yo‘lda ushlab turadi. Darsda ham, ishda ham, hayotning boshqa paytlarida ham - to‘xtamaslik uchun.

Shu manzara menga yoqdi. Chunki bu shunchaki o‘qish emas. Bu - birga yurish. Birga charchash. Birga zerikmaslik. Shovqin emas, bosim emas - shunchaki yoningda odam bo‘lishi.

Bu yerda o‘tirib bir narsani angladim. Kimdir bu yerga qahva uchun keladi. Kimdir ish uchun. Kimdir esa - harakatini yo‘qotib qo‘ymaslik uchun.